Markaziy Osiyoda gaz isteʼmoli 10 yilda 76 foizga oshdi
Ayni davrda eksport esa qariyb ikki baravarga qisqardi

2025-yilda Markaziy Osiyoning besh mamlakatida tabiiy gaz isteʼmoli 119,6 mlrd kub metrga yetdi. Bu koʻrsatkich oʻn yil ichida 76 foizga oshgan. Bu haqda Eni kompaniyasining World Energy Review 2026 sharhida maʼlum qilindi. Hisobot Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Tojikiston, Turkmaniston va Oʻzbekiston koʻrsatkichlari asosida tuzilgan.
Shu bilan birga, mintaqadan gaz eksporti 2015-yildagi 89,6 mlrd kub metrdan 2025-yilda 47,4 mlrd kub metrgacha kamaydi. Jami qazib olish hajmi ham 153,0 mlrd kub metrdan qariyb 140,9 mlrd kub metrgacha qisqardi.
Eng koʻp gaz Turkmanistonda qazib olindi — 72,48 mlrd kub metr. Oʻzbekistonda 40,16 mlrd, Qozogʻistonda esa 28,21 mlrd kub metr gaz ishlab chiqarildi.
Eng yirik isteʼmolchi Oʻzbekiston boʻldi: mamlakatga 54,32 mlrd kub metr, yaʼni mintaqadagi talabning 45 foizi toʻgʻri kelgan. Keyingi oʻrinlarda 35,58 mlrd kub metr bilan Turkmaniston va 28,82 mlrd kub metr bilan Qozogʻiston turdi.
Aholi jon boshiga hisoblaganda, Turkmaniston yetakchi boʻldi — 4 671 kub metr. Oʻzbekistonda bu koʻrsatkich 1 466 kub metr, Qozogʻistonda esa 1 382 kub metrni tashkil etdi.
Gaz eksportining asosiy qismini Turkmaniston taʼminladi: mamlakat xorijga 36,89 mlrd kub metr gaz yetkazib berdi. Bu mintaqadagi jami koʻrsatkichning qariyb 78 foiziga teng. Oʻzbekiston eksporti 5,72 mlrd, Qozogʻistonniki esa 4,77 mlrd kub metr boʻldi. Qozogʻistonning yillik eksporti 28 foizga qisqardi; 2015-yilda bu koʻrsatkich 20,11 mlrd kub metr edi.
Mintaqa mamlakatlarining gaz importi taxminan 26,1 mlrd kub metrga yetdi. Oʻzbekistonga 19,88 mlrd, Qozogʻistonga 5,37 mlrd, Qirgʻizistonga 0,64 mlrd, Tojikistonga esa 0,20 mlrd kub metr toʻgʻri kelgan.
Gaz zaxiralarining eng katta qismi Turkmanistonda jamlangan — besh mamlakatda hisobga olingan 16 578 mlrd kub metrdan 13 900 mlrd kub metri shu mamlakat hissasiga toʻgʻri keladi. Qozogʻiston zaxiralari 1 830 mlrd, Oʻzbekiston zaxiralari esa 846 mlrd kub metrga baholangan.
Qozogʻiston mintaqadagi eng yirik neft ishlab chiqaruvchi boʻlib qolgan. 2025-yilda mamlakatda neft qazib olish 11,8 foizga oshib, sutkasiga 2 098 ming barrelga yetdi. Bu besh mamlakatdagi jami koʻrsatkichning qariyb 88 foizini tashkil etadi. Jami qazib olish hajmi 2015-yildagi sutkasiga 2 030 ming barreldan 2025-yilda taxminan 2 385 ming barrelga yetdi.
Turkmanistonda sutkasiga 200 ming barrel, Oʻzbekistonda 81 ming barrel, Qirgʻizistonda esa 6 ming barrel neft qazib olindi. Koʻrsatkichlarga neft, jumladan noanʼanaviy neft, hamda gaz suyuqliklari kiradi. Qozogʻiston sutkasiga 1 243 ming barrel, Turkmaniston esa 19 ming barrel neft eksport qilgan.
Mintaqaning 31 041 mln barrel neft zaxirasidan 29 799 mln barrel Qozogʻistonga toʻgʻri kelgan. Markaziy Osiyoda neft isteʼmoli 2015-yildagi sutkasiga 602 ming barreldan 2025-yilda 776 ming barrelgacha oshgan.
Mintaqada quyosh va shamol energetikasi quvvatlari oshdi. 2025-yilda quyosh elektr stansiyalarining jami quvvati qariyb 7 359 MVtni tashkil etdi. Bir yil avval bu koʻrsatkich 4 417 MVt boʻlgan, yaʼni quvvat taxminan 67 foizga oshgan. Oʻzbekistonga 5 934 MVt, Qozogʻistonga 1 325 MVt, qolgan mamlakatlarga esa yana 100 MVt toʻgʻri kelgan.
Sharhda maʼlumotlari keltirilgan Qozogʻiston va Oʻzbekistonning shamol elektr stansiyalari quvvati 2025-yilda bir yil avvalgi taxminan 2 021 MVtga nisbatan 3 561 MVtga yetdi. Qozogʻistonda bu koʻrsatkich 1 909 MVt, Oʻzbekistonda esa 1 652 MVt boʻlgan.
2025-yilda Qozogʻistonning quyosh elektr stansiyalari 2 075 GVt·soat, shamol elektr stansiyalari esa 5 401 GVt·soat elektr energiyasi ishlab chiqardi. Oʻzbekiston boʻyicha sharhda faqat 2024-yil maʼlumotlari keltirilgan: quyosh energiyasi ishlab chiqarish 3 965 GVt·soatni, shamol energiyasi ishlab chiqarish esa 790 GVt·soatni tashkil etgan.
2024-yilda besh mamlakatda CO2 chiqindilari taxminan 473,5 mln tonnani tashkil etdi. 2015-yilda bu koʻrsatkich 363,8 mln tonna boʻlgan. Qozogʻistonga 243,0 mln tonna, yaʼni mintaqadagi jami hajmning qariyb 51 foizi, Oʻzbekistonga 121,8 mln tonna, Turkmanistonga esa 87,9 mln tonna toʻgʻri kelgan. Qirgʻizistonda koʻrsatkich 11,9 mln tonna, Tojikistonda 8,9 mln tonna boʻlgan. Bir yil ichida chiqindilar Qirgʻizistonda 28,6 foizga, Tojikistonda esa 14,2 foizga oshgan. Sharhda 2025-yilga oid maʼlumotlar yoʻq.
Besh mamlakat aholisi 2025-yilda 83,6 mln kishiga yetdi. 2015-yilda bu koʻrsatkich 69,6 mln kishi edi. Oʻzbekistonda 37,1 mln, Qozogʻistonda 20,8 mln, Tojikistonda 10,8 mln, Turkmanistonda 7,6 mln, Qirgʻizistonda esa 7,3 mln kishi yashagan.
Mintaqaning jami real YAIMi 2015-yil narxlarida taxminan 506,7 mlrd dollarga baholangan. Qozogʻistonga 260,3 mlrd dollar, Oʻzbekistonga esa 152,4 mlrd dollar toʻgʻri kelgan.
Iqtisodiyot oʻsishining eng yuqori surʼati Qirgʻizistonda qayd etilgan — 11,1 foiz. Keyingi oʻrinlarda 8,4 foiz bilan Tojikiston, 7,7 foiz bilan Oʻzbekiston, 6,5 foiz bilan Qozogʻiston va 6,3 foiz bilan Turkmaniston turdi.



