AQSh Huangning sevgilisi rahbarlik qilgan Megaspeed kompaniyasiga nisbatan jinoiy tergov boshladi
Kompaniyaga avval Jensen Huang bilan munosabatda boʻlgan Elis Huang rahbarlik qilgan

AQSh idoralari Singapurdagi maʼlumotlar markazlari operatorini ilgʻor chiplarni kontrabanda yoʻli bilan olib kirishda gumon qilmoqda. AQSh rasmiylari versiyasiga koʻra, Huang Xitoy maxsus xizmatlari tomonidan ham yollangan. Megaspeed kompaniyasi barcha qonunlarga rioya qilishini, Huang esa endi unda hech qanday lavozimni egallamasligini bildirdi.
Savdo vazirligi tergovni 2024-yildayoq boshlagan. 2025-yil may oyida vazirlik Nvidiaʼdan Megaspeedʼga sotuvlar haqidagi maʼlumotlarni soʻradi, iyun oyida esa Huangni soʻroq qildi. Keyin Nvidia bosh yuriskonsultining Savdo vazirligiga yuborgan xatidan soʻng ish vaqtincha toʻxtatib turildi, keyinchalik esa Adliya vazirligiga topshirildi. 2025-yil iyunida Nvidia Megaspeedʼni yetkazib berish taqiqlangan kompaniyalar roʻyxatiga kiritdi.
Shunga qaramay, Malayziyadagi Speedmatrix shoʻba kompaniyasi 2025-yil oktabridan 2026-yil fevraligacha Nvidiaʼning 800 mln dollarlik uskunalarini, jumladan H200 tezlatkichlari va Blackwell chiplarini oldi. Fevral oyida Nvidia unga bevosita 13 mln dollarlik partiyani yubordi. Oʻtgan hafta kompaniya, shuningdek, Savdo vazirligi Megaspeedʼga ayrim ehtiyot qismlarni yetkazib berishga ruxsat berganini maʼlum qildi.
AQSh rasmiylari bunday tergovlar yakunlanishidan oldin ular haqida kamdan-kam eʼlon qiladi. Savdo vazirligi kontrabanda bilan bogʻliq ishlar boʻyicha 17 kishiga ayblov qoʻyilganini bildirdi.



