Oʻzbekiston va Shvetsiya 1,5 yillik migratsiya boʻyicha pilot dasturni boshlaydi
Loyiha fuqarolarni qonuniy ishga joylashtirish va Shvetsiya bozori uchun mutaxassislar tayyorlashga qaratilgan

Muzokaralarda Oʻzbekiston Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Migratsiya agentligi direktori Muxsinxoʻja Abdurahmonov va Shvetsiya Migratsiya agentligi bosh direktorining oʻrinbosari Annika Gottberg fuqarolarni qonuniy ishga joylashtirish hamda Shvetsiya bozori uchun mutaxassislar tayyorlash masalalarini muhokama qildi.
Oʻzbekiston tomoni nomzodlarni shved ish beruvchilari talablarini hisobga olgan holda mamlakatdagi texnikumlar negizida tayyorlashni taklif qildi. Mamlakatda 643 ta texnikum faoliyat yuritadi, ularda qariyb yarim million talaba tahsil oladi. Dasturlarga kasbiy tayyorgarlik, shved tili, shuningdek, Shvetsiya mutaxassislarining taʼlim berish va koʻnikmalarni baholash jarayonidagi ishtirokini kiritish mumkin.
Bundan tashqari, tomonlar Oʻzbekistonda shved tilini testdan oʻtkazish markazini tashkil etish imkoniyatini oʻrganishni taklif qildi. Hamkorlikning aniq shartlarini oraliq natijalarni baholagan holda bosqichma-bosqich belgilash rejalashtirilmoqda.
Shvetsiya tomoni chet el fuqarolari asosan ish beruvchilar tomonidan talab mavjud boʻlgandagina ishga olinishi, qarorlarni esa kompaniyalarning oʻzi qabul qilishini maʼlum qildi. 2025 yilda mamlakatda qariyb 30 mingta ishlash uchun ruxsatnoma berilgan. Talab yuqori boʻlgan yoʻnalishlar qatorida axborot texnologiyalari, dasturlash, muhandislik va texnik mutaxassisliklar bor.
Uchrashuv ishtirokchilari ruxsatnomalar berishning shaffofligi, xodimlarni ekspluatatsiyadan himoya qilish, insofsiz vositachilarga qarshi kurashish hamda fuqarolarni ishga joylashish shartlari haqida xabardor qilish masalalarini ham muhokama qildi. Tomonlar maslahatlashuvlarni davom ettirish va texnik uchrashuvlar oʻtkazishni rejalashtirmoqda. Hamkorlikning keyingi yoʻnalishlarini loyiha boshqaruv qoʻmitasi koʻrib chiqadi.



