Juma, 27-noyabr 2026-yil
Iqtisodiyot

Oʻzbekiston 2030-yilgacha yem ishlab chiqarishni 90 mln tonnagacha oshirishni rejalashtirmoqda

Oʻzbekiston hukumati 2027-yilda 64,5 mln tonna, 2030-yilgacha esa 90 mln tonna yem ishlab chiqarishni rejalashtirmoqda. Hosildorlikni gektariga 350 sentnerdan 500 sentnergacha oshirish koʻzda tutilgan.

27-noyabr, 13:27По-русски

Read in English

Prezident Shavkat Mirziyoyev chorvachilikning yem bazasini rivojlantirishga oid taqdimot bilan tanishdi. Hozir mamlakatda yiliga 48 mln tonna yem ishlab chiqariladi, bu esa soha ehtiyojlarini qoplamaydi. Yem goʻsht tannarxining 30 foizini tashkil etadi.

Ishlab chiqarish hajmini oshirish uchun hududlar kesimida yem balansini tuzish, ekin maydonlari va yem-xashak ekinlari turlarini hisobga olish tizimini toʻliq raqamlashtirish rejalashtirilmoqda. Chorvachilik uchun ajratilgan yerlardan maqsadli foydalanish kosmik monitoring yordamida nazorat qilinadi. Shuningdek, takroriy ekishni kengaytirish, yuqori hosildor navlar va zamonaviy agrotexnologiyalarni joriy etish koʻzda tutilgan.

2030-yilgacha qishloq xoʻjaligi aylanmasiga 200 ming gektar yerni kiritish va ularda yem-xashak ekinlarini yetishtirish rejalashtirilmoqda. Yaylovlar mahsuldorligini oshirish uchun dronlar yordamida 1 mln gektar maydonga urugʻ sepish koʻzda tutilgan. Masʼul shaxslarga loyihalarni moliyalashtirish hamda chorvachilik bilan shugʻullanuvchi tadbirkorlarni qoʻllab-quvvatlash choralarini ishlab chiqish topshirildi.