Juma, 27-noyabr 2026-yil
Jamiyat

Nukusda jamoat transporti qamrovi oshmoqda

Nukusda 68 ta Yutong avtobusi brutto shartnomalar asosida beshta yoʻnalishda yoʻlovchilarga xizmat koʻrsatmoqda, 2A-yoʻnalish esa Xoʻjayli tumani markazigacha uzaytirildi

18-noyabr, 17:01По-русски

Read in English

gov.uz

Nukusda 68 ta zamonaviy Yutong avtobusi brutto shartnomalar asosida beshta yoʻnalishda qatnamoqda. Bu mexanizm tashuvchilar faoliyatini bosib oʻtilgan masofa va xizmat koʻrsatish sifati asosida baholash, shuningdek, qatnovlarning muntazamligini nazorat qilish imkonini beradi.

2026-yil 9-noyabrdan boshlab “Harbiy garnizon — Xoʻjayli avtovokzali” 2A-yoʻnalishi avtobuslari Xoʻjayli tumani markazigacha qatnaydi. Yoʻnalish Nukus bilan tuman markazi oʻrtasidagi aloqani aglomeratsiya tamoyili asosida yaxshilash uchun tashkil etilgan.

Bu oʻzgarishlarni Transport vazirligi huzuridagi Jamoatchilik kengashi Qoraqalpogʻistondagi jamoat transporti tizimini monitoring qilish chogʻida koʻrib chiqdi. Kengash vakillari hududiy transport tashkilotlari, dispetcherlik xizmati va tashishlar sifatini baholash mexanizmi faoliyatini oʻrgandi, shuningdek, yoʻlovchilar bilan suhbatlashdi.

2026-yil yanvar–sentabr oylarida tashuvchilar 70 ta avtobus xarid qildi. Yana 112 ta avtobusni 2027-yil martigacha Yevropa tiklanish va taraqqiyot bankining kredit mablagʻlari hisobidan xarid qilish rejalashtirilmoqda.

Hudud hokimiyati yoʻnalishlar tarmogʻini kengaytirish va avtobus parkini yangilash ishlarini ham olib bormoqda. Monitoring doirasida kengash soha muammolari va uni rivojlantirish rejalarini, jumladan, chekka hududlar va shahar atrofi aholisi uchun yanada muntazam hamda xavfsiz xizmat koʻrsatishni taʼminlash masalalarini oʻrgandi.