Oʻzbekiston va Iordaniya investitsiya loyihalari hamda savdo bitimlari portfelini shakllantirdi
Muzokaralarni Oʻzbekiston investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Qudratov hamda Iordaniya sanoat, savdo va taʼminot vaziri Yarub Qudah oʻtkazdi.

Tomonlar oʻzaro savdoni kengaytirish, investitsiyalarni jalb etish hamda geologiya, kimyo va konchilik sanoati, energetika, toʻqimachilik, qishloq xoʻjaligi va farmatsevtika sohalarida sanoat kooperatsiyasini muhokama qildi.
Imtiyozli savdo toʻgʻrisidagi bitimni tayyorlash masalasi ham alohida koʻrib chiqildi. Ishtirokchilar, shuningdek, har ikki mamlakatdagi qoʻshma ishlab chiqarishlarga eʼtibor qaratish, texnologiyalarni joriy etish, eksport yetkazib berishlarini oshirish va transport-logistika infratuzilmasini, jumladan, logistika quvvatlari hamda yuk havo tashuvlarini rivojlantirishga kelishib oldi. 23–24 noyabr kunlari Shavkat Mirziyoyev Iordaniyaga davlat tashrifi bilan boradi.



