Dushanba, 9-noyabr 2026-yil
Biznes

Damas va Labo savdosidan olingan foyda Cobalt, Onix va Tracker savdosidan olingan foydadan birgalikda koʻproq boʻldi

2025-yilda Pitnakdagi UzAuto Motors zavodi foyda boʻyicha Asakadagi zavoddan oʻzib ketdi

9-noyabr, 16:01По-русски

Read in English

Art Konovalov / Shutterstock

2025-yilda Damas va Labo ishlab chiqaradigan Pitnakdagi zavod asosiy faoliyatdan $190,1 mln foyda oldi. Cobalt, Onix va Tracker ishlab chiqariladigan Asakadagi korxona $171,4 mln foyda koʻrdi, import qilinadigan Chevrolet avtomobillari savdosi esa kompaniyaga yana $8,3 mln keltirdi.

Shu bilan birga, Asaka zavodining tushumi deyarli uch baravar yuqori boʻlgan — Pitnakdagi korxonadagi $1,01 mlrdga nisbatan $3,19 mlrd. Har $100 tushumga Damas va Labo ishlab chiqarishidan $18,8 foyda toʻgʻri kelgan boʻlsa, Asakada bu koʻrsatkich $5,4 ni tashkil etgan.

UzAuto Motors hisobotida asosiy faoliyatdan olingan foyda, yaʼni foizlar, valyuta kurslari farqi va soliqlar hisobga olinmagungacha avtomobillarni ishlab chiqarish hamda sotishdan tushgan daromad haqida soʻz boradi. Ikki korxonaning koʻrsatkichlari alohida keltirilgan.

Bir yil avval Pitnakdagi zavod $219,1 mln foyda olgan. Asakadagi korxonaning foydasi $52,7 mlnni, import yoʻnalishi bilan birga esa $78,3 mlnni tashkil etgan. 2025-yilda Asaka zavodining natijasi tushum deyarli oʻzgarmaganiga qaramay, $171,4 mln gacha oshdi. Bunga taʼsir qilgan omillardan biri avtomobillar savdosi bilan bevosita bogʻliq boʻlmagan boshqa daromadlar boʻldi: yil davomida ular $7,3 mln dan $64,6 mln gacha koʻpaydi.

Pitnakda esa foyda tushum oshganiga qaramay, $219,1 mln dan $190,1 mln gacha kamaydi. Sotuv va boshqaruv xarajatlari $50,4 mln dan $121 mln gacha oshdi. Import qilinadigan Chevrolet avtomobillarini sotishdan tushgan tushum shu davrda qariyb uch baravar kamayib, $201,8 mln dan $66,5 mln gacha tushdi.

2026-yil yanvar–iyun oylarida Pitnakdagi korxona $73,5 mln foyda oldi. Asaka zavodi import yoʻnalishi bilan birga bu davrda $60,9 mln ishlab topdi.

Shu bilan birga, Damas va Labo ishlab chiqarishining rentabelligi pasaydi. 2025-yilning birinchi yarmida Pitnakda har $100 tushumga $21,8 foyda toʻgʻri kelgan boʻlsa, 2026-yilning shu davrida bu koʻrsatkich $18,5 ni tashkil etdi. Korxonaning dastlabki olti oyda maʼmuriy va tijoriy xarajatlari $25,2 mln dan $55 mln gacha oshdi.

Yana oʻqing